Shovot tuman Axborot-kutubxona markaziga qarashli Oqko‘l mahallasida joylashgan ko‘chma kutubxonada Shovot elining ardoqli shoiri va yozuvchisi Ortiqboy Mang‘liboyev bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar va kitobxonlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda mahalliy ijodkorlarning hayoti va ijodini keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy uchrashuv davomida Ortiqboy Mang‘liboyev o‘zining ijodiy faoliyati, hayot yo‘li, yaratgan asarlari va adabiyot olamidagi izlanishlari haqida samimiy suhbat olib bordi. Shoir va yozuvchi o‘quvchilarning savollariga javob berib, ularga kitob mutolaasi, ilm olish va ijodkorlik borasida qimmatli tavsiyalar berdi.

Tadbir davomida ijodkorning she’rlari va asarlaridan namunalar o‘qilib, adabiyot, kitob va ijodning inson ma’naviy kamolotidagi o‘rni haqida fikr almashildi. Ayniqsa, yosh kitobxonlarning ijodkorga bo‘lgan qiziqishi va faol ishtiroki uchrashuvga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Mazkur ijodiy uchrashuvda 34-son MTT tarbiyachilari, 16-son maktab direktor maslahatchisi M. Yo‘ldosheva, 16-son maktab o‘quvchilari hamda kutubxona xodimi ishtirok etdilar.

Samimiy muloqot va mazmunli suhbatlarga boy o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bunday tadbirlar yosh avlodni kitobga, adabiyotga va milliy ma’naviyatimizga mehr ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.